O‘zbekistonda maxsus diniy ma’lumotga ega bo‘lmagan bolalarga dinni o‘rgatganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etiladi. Bu haqda prezident tomonidan imzolangan qonunda aytilgan.

Jinoyat kodeksining 229-2-moddasi (diniy ta’limotlarni o‘qitish tartibini buzish) ga o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Voyaga yetmagan shaxsga maxsus diniy ma’lumotga ega bo‘lmay turib, diniy tashkilot markaziy boshqaruv organining ruxsatisiz diniy bilimlarni o‘rgatganlik, diniy bilimlarni xususiy tartibda o‘rgatganlik uchun jinoiy javobgarlik mavjud.

Qilmishlar BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha (20,6 mln so‘mdan 41,2 mln so‘mgacha) miqdorda jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Endilikda fuqarolarga, shu jumladan voyaga yetmaganlarga diniy ta’limotlarni o‘qitish tartibini buzish BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha (2 mln 60 ming so‘mdan 4,1 mln so‘mgacha) jarima solishga yoki 15 sutkagacha qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.