Samarqand viloyatida tadbirkorlardan pul talab qilgan muqaddam sudlangan fuqarolar ushlandi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

42 yoshli D.A. va 29 yoshli B.O. Payariq tumanidagi korxona hududida ofis tashkil etgan. Unda ular biznesmenlarni qo‘rqitib, kaltaklab, ruhiy bosim o‘tkazib, pul to‘lashga majbur qilishgan.

Ular tadbirkorlar haqida mish-mishlar tarqatib, keyin ularni o‘z idoralariga jalb qilishgan. Kaltaklash va tahqirlashlar videoga yozib olingan. Videolavhalarni tarqatmaslik evaziga pul va boshqa qimmatbaho buyumlar talab qilishgan.

Huquq-tartibot idoralari gumonlanuvchilarni hibsga oldi. B.O.ning telefonidan u va D.A. odamlarni urgani va tahqirlagani aks etgan videoyozuv topilgan. Shuningdek, undan 3 gr giyohvandlik moddasi musodara qilingan. Ofisda metall zanjirlar, kastetlar va qiynoqlar uchun ishlatilgan boshqa buyumlar topilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 112-moddasi (O‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish), 267-moddasi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar qilish) va 277-moddasi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Qayd etilishicha, D.A. qasddan tan jarohati yetkazish, bezorilik va hokimiyatga qarshilik ko‘rsatish kabi jinoyatlari uchun 5 marta sudlangan. B. O. o‘g‘irlik uchun sudlangan.