12-avgust kuni Shavkat Mirziyoyevning Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Suhbat avvalida davlat rahbari Hindiston Bosh vaziri va do‘st xalqini yaqinlashib kelayotgan milliy bayram — mamlakat Mustaqilligi kuni bilan samimiy tabriklab, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.

O‘zbekiston-Hindiston strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Erishilgan kelishuvlarga muvofiq amaliy hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani, turli darajalarda faol va sermahsul muloqotlar davom etayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Joriy yil boshidan tovar ayirboshlash 60 foizga oshdi, 40 ga yaqin yangi qo‘shma korxona va kooperatsiya loyihalari ishga tushirildi. Hindistonning yetakchi kompaniyalari bilan amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalarning joriy portfeli ikki milliard dollarga yetdi. O‘zbekistonda Hindiston universitetlarining to‘rtta filiali muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Yetakchilar farmatsevtika va kimyo sanoati, raqamli iqtisodiyot, energetika, qazib chiqarish tarmog‘i, qishloq xo‘jaligi, qurilish, turizm va boshqa yo‘nalishlarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surish va amalga oshirishga alohida e’tibor qaratdilar.

“Shimol-Janub” yo‘lagi doirasida samarali transport-tranzit yo‘nalishlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini Toshkent shahrida samarali o‘tkazish muhimligi qayd etildi. Madaniyat va kino kunlarini o‘zaro tashkil etish, hududlar darajasida almashinuvlarni faollashtirish taklif qilindi.

O‘zbekiston prezidenti va Hindiston bosh vaziri mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashdilar, bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasini ko‘rib chiqdilar.