Toshkent viloyatidagi “Uch qahramon” bozorida sodir bo‘lgan yong‘in yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Bozor savdo pavilonlarining umumiy maydoni 20 ming kv.m. Ko‘rilgan tezkor choralar natijasida 12 ming kvadrat metr maydondagi savdo shoxobchalari yong‘indan saqlab qolindi. Yong‘in oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q. Shunday qilib, yong‘in bozor hududining 40 foizini yo‘q qildi.

Hozirda yong‘in sabablariga aniqlik kiritish maqsadida tergov harakatlari olib borilmoqda. Surishtiruv yakunlari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi “b” bandi (Yong‘in xavfsizligi talablarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hujjatlar Toshkent viloyati IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasiga taqdim etilgan.