O‘zbekistonda 2026-yil 1-yanvardan o‘zini o‘zi band qilgan va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilanadi. Bu haqda prezident raisligida bo‘lib o‘tayotgan yig‘ilishda so‘z bordi.
YTTlar va o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar uchun 2030-yil 31-dekabrgacha maxsus huquqiy rejim joriy etiladi. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazishdan tortib hisobot topshirishgacha bo‘lgan barcha asosiy xizmatlarni birlashtiruvchi integratsiyalashgan raqamli platformani yaratish rejalashtirilgan. Ushbu platforma orqali faoliyatni rasmiylashtirish, bank hisobvaraqlarini ochish va boshqarish, soliqlarni hisoblash va to‘lash, hisob-kitoblarni amalga oshirish va fiskal cheklarni shakllantirish mumkin bo‘ladi.
Ushbu tizim doirasida tadbirkorlar daromadlarni qabul qilish, xodimlar, kontragentlar va tashkilotlar bilan hisob-kitob qilish, shuningdek, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash imkonini beruvchi elektron hamyon ochishlari mumkin bo‘ladi. Elektron hamyonga ega bo‘lgan YTTlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun bank hisobvaraqlarini ochish majburiy bo‘lmaydi.
2025-yil 1-noyabrdan boshlab ushbu jarayonlarda QR-kodlar va tap to pay texnologiyasi qo‘llanila boshlaydi. Hujjatlarni elektron kalitsiz — masofaviy biometriya va SMS-xabarnoma xizmatidan foydalangan holda imzolash mumkin bo‘ladi. Ma’lumotlar qog‘ozdagi hujjatlarga tenglashtiriladi.
Xodimlar bilan hisob-kitoblarni elektron hamyon orqali amalga oshirish imkonini beruvchi kunlik to‘lovlar tartibi sinov tariqasida joriy etilmoqda. 2026-yil 1-yanvardan yillik aylanmasi 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan YTTlar va o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilanadi.
YTT va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarda elektron to‘lovlarni qabul qilish uchun maxsus QR-kodning mavjudligi chakana savdo qoidalarining majburiy talabiga aylanadi. Raqamli platformadagi pul oqimlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar kredit ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilishda hisobga olinadi.
Prezident bildirilgan takliflarni ma’qullab, yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.