Shavkat Mirziyoyev aralash mato va to‘qimachilik mahsulotlariga bojxona boji bekor qilinishini ma’lum qildi. Bu haqda to‘qimachilik sohasida eksport imkoniyatlari va zaxiralarini ishga solish masalalari bo‘yicha yig‘ilishda aytildi.

Ip va gazlama narxi asosiy raqobatchilarga nisbatan o‘rtacha 10-15% ga qimmat. Sababi, mahsulot tarkibida 90% paxta bo‘lsa, boshqa ishlab chiqaruvchilarda 30-40% arzon sintetik xomashyo poliester, viskoza, spandeks va boshqalardir.

Prezidentimiz sun’iy tola va aralash matolarga talab yil sayin ortib borayotganini ta’kidladi. O‘zbekistonga har yili 100 ming tonna aralash kalava ip, mato va to‘qimachilik mahsulotlari import qilinadi. Shu bois 2028-yil 1-yanvargacha aralash mato va to‘qimachilik mahsulotlari bojxona bojidan ozod qilinadi.

Mutasaddilarga yil yakunigacha kamida 100 ming tonna aralash to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni ishga tushirish topshirildi.