O‘zbekiston AQShga kiyim-kechak eksportini oshirish uchun AQShda Sent-Luis va Nyu-Yorkda ikkita savdo uyi ochishni rejalashtirmoqda. Bu haqda prezident yig‘ilishida so‘z bordi.
Prezident raisligida bugun bo‘lib o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida Amerika va Yevropa bozoriga tayyor kiyim-kechak eksportini kengaytirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
AQSH to‘qimachilik bozori yiliga qariyb 100 milliard dollarga baholanmoqda. Qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilsa, O‘zbekiston eksporti 5-6 barobar oshishi mumkin.
Yetkazib berish hajmini kengaytirish maqsadida Texnik jihatdan tartibga solish agentligiga xalqaro sertifikatga ega korxonalar sonini 300 taga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Tashqi ishlar vazirligi aylanmasi milliard dollardan ortiq bo‘lgan brendlar bilan hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishi va ularni sentyabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan yirik ko‘rgazmaga taklif qilishi kerak.