O‘zbekistonda kommunal xizmatlar va kvartira to‘lovi bo‘yicha qarzlarni qarzdorga bormasdan undirmoqchi. Bu haqda deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilingan qonun loyihasida so‘z boradi.

Hujjat bilan soddalashtirilgan tartibda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan ijro ishi yuritish hujjatlarining ro‘yxati kengaytirilmoqda.

Xususan, videokonferensaloqa xizmatlari, kommunal xizmatlar, majburiy badallar va to‘lovlar bo‘yicha qarzdorliklarni ko‘p kvartirali uy-joylar mulkdorlaridan ushlab qolish, shuningdek, BHMning 5 baravaridan (2 mln 60 ming so‘m) oshmagan miqdorda undirish bo‘yicha ijro hujjatlarini ijro etishning soddalashtirilgan tartibini joriy etish nazarda tutilmoqda.

Soddalashtirilgan tartibda amalga oshiriladigan yuqorida ko‘rsatilgan ishlar bo‘yicha undiruv qarzdor jismoniy shaxsning bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘laridan amalga oshirilmaydi.

Qonun loyihasidagi normalar undiruv samaradorligini oshirishga, qarzdorning uyiga borib, ortiqcha ovora bo‘lishining oldini olishga, shuningdek, qarzdorga nisbatan hech qanday taqiq va cheklovlar qo‘llamasdan undiruvni amalga oshirishga xizmat qiladi.