Shavkat Mirziyoyev 12-avgust kuni suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sohasini rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Suv resurslarini tejash borasidagi sa’y-harakatlarning davomi sifatida ularni boshqarish va irrigatsiya sohasini rivojlantirish bo‘yicha 2025-2028-yillarga mo‘ljallangan dastur ishlab chiqildi. Taqdimotda mutasaddilar dasturdagi chora-tadbirlar yuzasidan axborot berdi.
Dasturda suv resurslaridan oqilona foydalanishga ustuvor ahamiyat qaratilgan. 2 ming 551 kilometr sug‘orish tarmoqlarini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Nasos stansiyalarining eskirgan uskunalarini energiya tejamkoriga almashtirish ularning yillik elektr iste’molini 6,8 milliard kilovatt soatdan 6,2 milliard kilovatt soatga qisqartirish imkonini beradi.
Tuproqning holati suv sarfining muhim omilidir. Suv ta’minoti past bo‘lgan maydonlarni 424 ming gektardan 276 ming gektarga qisqartirish, sho‘rlanish darajasi yuqori, sizot suvlari yaqin bo‘lgan yerlarning holatini yaxshilash choralari belgilangan. Buning hisobiga 460 ming gektar yer qishloq xo‘jaligi oborotiga qaytariladi.
1,4 million gektarda suv tejovchi texnologiyalar, shundan 293 ming gektarda tomchilatib sug‘orish joriy qilinadi. 20 ta yirik obyektda nazorat-o‘lchov uskunalari modernizatsiya qilinmoqda.
Suv hisobini yuritishda inson omilini kamaytirish maqsadida 12 mingta meliorativ quduq va 1 ming 750 ta nasosda zamonaviy monitoring joriy qilinadi. 12 ta yirik gidrotexnika inshooti raqamli texnologiyalar asosida avtomatlashgan boshqaruvga o‘tkaziladi.
Dastur natijasida beton qoplamali kanallar ulushi hozirgi 39 foizdan 47 foizga yetadi, sug‘orish tarmoqlarining sifati yaxshilanadi, suv yo‘qotilishi kamayadi. Tejalgan suv hisobiga joriy yilning o‘zida 10 milliard kub metr, 2028-yilgacha esa 14 milliard kub metrgacha suv tejalishi kutilmoqda.
Davlat rahbari bu takliflarni ma’qullab, 2025-2028-yillarda O‘zbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirish dasturini tasdiqladi.
Taqdimotda soha samaradorligini oshirish va raqamlashtirish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish bo‘yicha ham axborot berildi.
Ayni paytda viloyat, tuman va xo‘jaliklardagi 18 ming 755 ta gidropostni avtomatlashtirish boshlangan bo‘lib, keyingi bosqichda dalalardagi suv taqsimlash punktlari jihozlanadi.
Suv xo‘jaligini raqamlashtirish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tildi. 11 ta tarmoq dasturini yagona platformaga integratsiya qilish, “O‘zbekkosmos” imkoniyatlaridan keng foydalangan holda, IT markaz va situatsion markaz tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
5 ming 200 ta nasosni elektr va suv hisoblagichlari bilan ta’minlash, yirik nasoslarni qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tkazish vazifasi qo‘yildi. Olingan ma’lumotlar raqamli platformada to‘planadi, u yerda suvdan foydalanishning iqtisodiy samaradorligi tahlil qilinadi.
Bugungi kunda 2 ming 612 ta suv obyekti xususiy boshqaruvga berilgan bo‘lsa, endilikda yirik nasos qurilmalari ham xususiy sektorga taklif etilib, investorlar uchun jozibador sharoitlar yaratiladi.
O‘tgan yili tuman irrigatsiya bo‘limlari negizida 159 ta davlat suv ta’minoti xizmati tashkil etildi. Ularning faoliyatini yaxshilash maqsadida ularga o‘z mablag‘larini mustaqil taqsimlash huquqini berish ko‘zda tutilmoqda.
Xizmat sifati va sohaning samaradorligi ko‘p jihatdan mutaxassislar malakasiga bog‘liqligi bois ishchi-xodimlar malakasini oshirish maqsadida 200 o‘rinli o‘quv markazi tashkil etish rejalashtirilgan.
Prezident sohaning me’yoriy-huquqiy bazasini takomillashtirish, suvdan foydalanish samaradorligini oshirish, jamiyatda suvni asrash madaniyatini kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.