O‘zbekistonda Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tashkil etiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Yangi organ to‘qimachilik, charm va ipak sanoati uchun mas’ul bo‘ladi. Uning huzurida tajribali tadbirkorlardan iborat kengash tuziladi. Agentlikning jamg‘armasi bo‘ladi, u orqali to‘qimachilik korxonalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va arzon aylanma mablag‘lar taqdim etiladi.
Jamg‘armani shakllantirish uchun jami 200 mln dollar ajratiladi. Agentlikka investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Nozimjon Xolmurodov rahbarlik qiladi.
Agentlikka Kengash bilan birgalikda tadbirkorlar bilan muloqot qilib, tannarxni kamaytirish, ishlab chiqarish va eksportni oshirish bo‘yicha yechimlar ishlab chiqish, “bojxona hududida qayta ishlash” rejimini qo‘llash orqali tayyor mahsulot eksportini 2 baravarga oshirish vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, kooperatsiyani kuchaytirish, to‘liq quvvatda ishlamayotgan korxonalarni sog‘lomlashtirish choralarini ko‘rish topshirildi.