Toshkent shahar hokimligida maishiy chiqindilarni yig‘ish va olib chiqib ketish jarayonini raqamlashtirish masalasi muhokama qilindi. Bu haqda hokimlik matbuot xizmati xabar bermoqda.
Uchrashuvni shahar hokimligi axborot texnologiyalari masalalari kotibiyati mudiri Bobur Abdurahimov olib bordi va ishtirokchilarni yangi tizim — Toza Poytaxt dasturiy ta’minoti bilan tanishtirdi.
Ushbu tizim orqali chiqindi yig‘ish texnikalari mahallalar kesimida va belgilangan grafik asosida jalb qilinadi. Jarayonda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi, Milliy gvardiya va “mahalla yettiligi” o‘z hududlariga mas’ul bo‘ladi.
13-avgust kuni Toza Poytaxt dasturiy ta’minoti Olmazor tumanida sinov tariqasida ishga tushiriladi, 1-sentyabrgacha esa qolgan tumanlarda bosqichma-bosqich joriy etiladi. Loyihaning asosiy maqsadi chiqindilarni yig‘ish va olib chiqib ketish jarayonini nazorat qilish orqali shahar tozaligini ta’minlash, texnikalar ishini monitoring qilish va xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishdan iborat.
Yangi tizim orqali mahallaning ichki ko‘chalaridagi texnikalar harakatini kuzatish, chiqindilar hajmini hisoblash, yuridik tashkilotlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini baholash, markaziy va ichki ko‘chalarning sanitariya holatini monitoring qilish mumkin bo‘ladi. Barcha ma’lumotlar inson resurslariga ehtiyoj sezmasdan, avtomatik tarzda to‘planadi. Bajarilmagan ishlar va chiqindi olib ketilmagan manzillar ham avtomatik ravishda qayd etiladi.
Uchrashuvda Toshkent shahar mahallalar uyushmasi rahbari Furqat Mahmudxo‘jayev bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, tizim mahalla raislari va “mahalla yettiligi”ga katta ko‘mak bo‘lishini ta’kidladi. “Maxsustrans” davlat korxonasi, Ekologiya qo‘mitasi va Milliy gvardiya vakillari ham o‘z fikr va takliflarini bildirdi.