Toshkentda beshta ko‘chada avtomobillar uchun tezlik rejimi o‘zgartirilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar IIBB YHXB boshlig‘i o‘rinbosari Elmurod Alimovning so‘zlariga tayanib, “Gazeta.uz” xabar berdi.
Taklif Bunyodkor, Sebzor, Ahmad Donish ko‘chalari, shuningdek, Toshkent halqa yo‘li va Yangi O‘zbekiston ko‘chasiga tegishli. U yerda transport vositalari uchun ruxsat etilgan maksimal tezlik chegarasini 80 km/soatga o‘zgartirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, 12 ta ko‘chada bir tomonlama harakatni joriy etish rejalashtirilgan, aynan qaysilari ekaniga aniqlik kiritilmagan. Elmurod Alimov mutaxassislar tomonidan o‘rganishlar olib borilgani, mahalliy va xorijiy tajriba tahlil qilinganini ta’kidladi.
Natijalarga ko‘ra, tirbandlik va yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, harakat xavfsizligini ta’minlash va yo‘l harakati ishtirokchilariga qulayliklar yaratishga qaratilgan tashabbus ilgari surildi.
2023-yil aprel oyida shaharlarda ruxsat etilgan harakat tezligi 70 km/soatdan 60 km/soatgacha pasaytirildi.