2025-yil iyul oyida ko‘chmas mulk bozorida eng sezilarli o‘sishlardan biri kuzatildi — uy-joy savdosi iyun oyiga nisbatan 25 foizga oshdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xabar bermoqda.
Oy yakuniga ko‘ra, oldi-sotdi bitimlari hajmi 26 ming donadan oshdi. Yillik hisobda (2024-yil iyul oyiga nisbatan) o‘sish 14,2 foizni tashkil etdi. Faollikning eng yuqori o‘sishi Surxondaryo (+41 foiz), Sirdaryo (+35,3 foiz) va Qashqadaryo (+33,7 foiz) viloyatlarida qayd etildi. Toshkent shahrida sotuvlar 24,6 foizga oshdi.
Ikkilamchi bozor
Iyul oyida ikkilamchi bozordagi uy-joylarning o‘rtacha narxi bir oy oldin 0,3 foizga ko‘tarilganidan keyin 1,7 foizga oshdi. Yillik hisobda narxlar 3,3% ga oshdi. Yil davomida sezilarli o‘sish Jizzax (+15,2%), Surxondaryo (+14,1%) va Xorazm (+9,6%) viloyatlarida qayd etildi. O‘tgan oyda narxlar faqat Samarqand (-2 foiz) va Jizzax (-0,9 foiz) viloyatlarida pasaygan.
Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joylarning o‘rtacha narxi bir oyda 0,8 foizga oshdi, biroq yillik nisbatda 3,2 foizga kamaydi (yangi uy-joylar uchun -—0,9 foiz). Eng katta pasayish Mirzo Ulug‘bek (-8,2%), Yashnobod (-4,5%) va Yunusobod (-4,2%) tumanlarida qayd etildi.
Yangi qurilgan uylar segmentida pasayish Uchtepa (-8,8%), Yunusobod (-6,7%) va Shayxontohur (-4,7%) tumanlarida yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Ijara
Toshkentda iyul oyida uy-joy ijarasining o‘rtacha stavkasi avvalgi oylar darajasida qoldi — 1 kv. m uchun 8 dollar. Markaziy tumanlar — Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroyda — 10,3 dollar atrofida. Eng arzon narxlar Bektemir ($5,5) va Sergeli ($6,2) tumanlarida.
Yillik nisbatda o‘rtacha ijara narxi 2,8 foizga pasayib, Uchtepa, Yashnobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida eng ko‘p pasayish kuzatildi.