O‘zbekistonda har kuni maosh to‘lash bo‘yicha tajriba boshlanmoqda. Pullar xodimlarga ishlagan kuni kelib tushadi. Bu haqda prezident qarorida aytilgan.

Loyiha mehnat munosabatlarining moslashuvchanligini oshirishga qaratilgan va ixtiyoriy asosda ishlaydi. Ishtirok etish uchun elektron mehnat shartnomasini tuzish, raqamli platformada elektron hamyon ochish va soliq intizomiga rioya qilish — barcha soliqlar va yig‘imlarni to‘lash talab etiladi.

Platforma operatori xodimlarga mablag‘larni “shu kunning o‘zida” tizimi orqali o‘tkazib beradi va mexanizmning uzluksiz ishlashi uchun davlat axborot tizimlari bilan integratsiyasini ta’minlaydi. Bunda ish beruvchi mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining boshqa barcha normalariga, hatto ular maxsus rejim doirasiga kirmasa ham, rioya etishi shart.