O‘zbekiston Migratsiya agentligi xorijdagi vatandoshlarga yana bir bor murojaat qilib, ularni qurolli to‘qnashuvlarda qatnashmaslikka chaqirdi.

Agentlikning ta’kidlashicha, bir qator mamlakatlarda migrantlarni jangovar harakatlarda ishtirok etish uchun yollash holatlari ko‘paygan.

“Bu sizning hayotingiz, erkinligingiz va kelajagingizga tahdid soladi. Qurolli mojarolar va jangovar harakatlar hududlariga yaqinlashish, harbiy operatsiyalarda ishtirok etish, xorijiy davlatlarning qurolli kuchlari, xavfsizlik xizmatlari, harbiy adliya yoki boshqa kuch tuzilmalariga kirish, shubhali shaxslar, guruhlar yoki tashkilotlar tomonidan yollanishga berilish qat’iyan taqiqlanadi”, — deyiladi xabarda.

O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-1-moddasiga ko‘ra, chet davlatlarning harbiy xizmatiga yollanish uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Har qanday shubhali takliflar yoki shubhali holatlar bo‘yicha Migratsiya agentligi vakolatxonasi, O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari va konsulliklariga murojaat qilish mumkin.