Shavkat Mirziyoyev 14-avgust kuni O‘zbekistondagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Fransiya Respublikasi elchisi Oreliya Bushezni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Davlat rahbari Fransiya elchisining samarali faoliyati va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish va mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissasini alohida qayd etdi.
Bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi o‘zaro tashriflar O‘zbekiston-Fransiya hamkorligini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, uning kun tartibini aniq mazmun bilan boyitish imkonini bergani ta’kidlandi.
Turli darajalarda tizimli muloqot va faol aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Savdo-iqtisodiy sohada sezilarli muvaffaqiyatlarga erishildi: keyingi yillarda tovar ayirboshlash 4 barobar ko‘paydi, Fransiyaning yetakchi kompaniya va tashkilotlari bilan umumiy qiymati 10 milliard dollardan ziyod loyihalar amalga oshirilmoqda.
Ta’lim, sog‘liqni saqlash va madaniy-gumanitar almashinuv sohalarida muhim dasturlar amalga oshirilmoqda. Luvr muzeyi va Arab dunyosi institutida ko‘rgazmalar katta muvaffaqiyat bilan o‘tdi.
Parij chekkasida Beruniy haykali ochildi. Fransiya poytaxtidagi ko‘chaga Samarqand nomi berilgan. Joriy yilda Toshkent shahrida O‘zbekiston-Fransiya universiteti o‘z ishini boshlaydi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Prezidenti Fransiya Favqulodda va muxtor elchisi Oreliya Bushezga O‘zbekiston-Fransiya do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasi uchun “Do‘stlik” ordenini topshirdi.
Elchi mamlakatimiz yetakchisiga uning diplomatik missiyasiga yuksak baho bergani uchun chuqur minnatdorlik bildirdi hamda O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.