Toshkentda xalq deputatlari kengashi sessiyasida tirbandliklarni kamaytirish uchun maktab avtobuslarini yo‘lga qo‘yish taklif qilindi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Yig‘ilish ishtirokchilaridan birining aytishicha, 25 maydan boshlab Toshkent ko‘chalarida tirbandlik sezilarli darajada kamaymoqda, chunki ota-onalar farzandlarini ta’lim muassasalariga olib borishni to‘xtatmoqda. Bir qator xorijiy mamlakatlarda maktab avtobuslari yoki shattllar o‘quvchilarni biriktirilgan hududdan olib ketish tizimi amal qiladi.
“Agar 20−30 nafar bola maktabga bitta avtobusda kelsa, bu yo‘llarda 20−30 ta mashina kamligini anglatadi. Demografik vaziyat va bolalar sonini hisobga olsak, bu katta strategiya bo‘lishi mumkin. Bu masalani Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan muhokama qilib, birgalikda ishlash kerak”, — dedi sessiya ishtirokchisi.
IIBB YHXB boshlig‘i o‘rinbosari Elmurod Alimovning ta’kidlashicha, ushbu masala o‘rganilgan, biroq loyihani amalga oshirishda qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda.
“Toshkentdagi maktablarga hozir Toshkent viloyatidan ham kelishyapti. Agar u yerda 15 ta tuman bo‘lsa, o‘sha yerdan ham kelishadi. Imkoniyat yo‘q. Yunusobod tumaniga eng yaqin Toshkent tumanidan bolalar olib kelinmoqda. Hamma yaxshi poytaxt maktablariga kirishga intiladi, shuning uchun bir hududdan bolalarni yig‘ish qiyin bo‘ladi. Bu taklifni o‘rganib chiqamiz”, — dedi u.