Navoiy viloyatining Navbahor tumanida “Afrosiyob” tezyurar poyezdi yo‘liga qo‘poruvchilik qilgan temiryo‘lchilar ustidan sud bo‘lib o‘tdi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar bermoqda.
Mahkumlardan biri temir yo‘l brigadiri bo‘lib, muqaddam “Temiryo‘linfratuzilma” Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzeli “Ziyovuddin temir yo‘l masofasi” korxonasida ishlagan. 2023-yil dekabr oyida brigadir lavozimi tugatilgan, shu munosabat bilan erkak temiryo‘lchi va temir yo‘l to‘siqlari qo‘riqchisi lavozimiga o‘tkazilgan.
Sobiq brigadir rahbariyatga norozilik bildirmoqchi bo‘ldi. U Karmana tumanidagi hamkasbi bilan birgalikda jinoiy reja tuzgan. Ular 2025-yil 14-yanvar kuni Samarqand viloyati Paxtachi tumanidagi Ziyovuddin va Navoiy bekatlari oralig‘idagi 3872-kilometrga yetib kelib, tez orada Toshkent-Buxoro yo‘nalishidagi Afrosiyob elektropoyezdi o‘tishi kerak bo‘lgan relslarga 110 kg og‘irlikdagi temir-beton shpalni ko‘ndalang qo‘yishdi. Shundan so‘ng jinoyatchilar voqea joyidan yashiringan.
15−20 daqiqadan so‘ng 159 km/soat tezlikda harakatlanayotgan va 148 nafar yo‘lovchini olib ketayotgan “Afrosiyob” tezyurar poyezdi temir-beton shpal bilan to‘qnashib ketgan. Oqibatda poyezdning yurish qismlari jiddiy shikastlangan.
Keyinroq huquq-tartibot idoralari gumonlanuvchilarni qo‘lga olgan, ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 161-moddasi (Qo‘poruvchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Sud qoidabuzarlarni qo‘poruvchilikda aybdor deb topib, ulardan biriga 13 yil, ikkinchisiga 12 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.
Qo‘poruvchilik natijasida “Afrosiyob” poyezdiga 260 mln so‘m zarar yetkazilganligi sababli, ushbu summa davlat daromadiga undirilgan.