25-avgustdan maktab va bog‘chalarda majburiy mehnatga qarshi kurashish haftaligi boshlanadi. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
So‘nggi paytlarda o‘qituvchi va tarbiyachilarni majburiy mehnatga jalb qilish holatlari haqida xabarlar paydo bo‘la boshladi. Shu munosabat bilan Mehnat inspeksiyasi ta’lim muassasalarida reydlar o‘tkazadi.
“OAV va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan xabarlarga ko‘ra, o‘qituvchi va tarbiyachilarni majburiy mehnatga jalb qilish bilan bog‘liq 10 ga yaqin holat tasdiqlangan. Mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llanildi”, — deyiladi xabarda.
Huquqbuzarliklarning kelib chiqish sabablarini o‘rganish va ularni keltirib chiqaruvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarga taqdimnomalar kiritildi.