O‘zbekiston va Qozog‘iston aviaqatnovlar sonini oshirish va aviatsiya sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ikki mamlakat aviatsiya ma’muriyatlari fuqaro aviatsiyasi sohasida hamkorlik bo‘yicha “Markaziy Osiyo — Xitoy” (C5+1) ishchi guruhining ikkinchi konferensiyasi doirasida muzokaralar o‘tkazdi.
Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi muntazam aviaqatnovlar sonini oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shu tariqa, ikki mamlakatning tayinlangan tashuvchilariga Olmaota — Toshkent va Ostona — Toshkent yo‘nalishlarining har biri bo‘yicha haftasiga 42 tagacha reyslarni amalga oshirishga ruxsat berildi. Qolgan barcha yo‘nalishlar bo‘yicha haftasiga 7 tagacha reyslarni amalga oshirishga ruxsat berildi.
Tomonlarning tayinlangan aviakompaniyalari O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi barcha kelishilgan yo‘nalishlar bo‘yicha muntazam parvozlarni amalga oshirishi sharti bilan, parvozlarning ruxsat etilgan chastotasi haftasiga 238 ta reysni tashkil etadi.
Bundan tashqari, tomonlar mamlakatlar o‘rtasida muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirish uchun yo‘nalishlar sonini ko‘paytirishga kelishib oldi.