Mo‘g‘ulistondan O‘zbekistonga havo transporti orqali 1000 bosh “Bayad” zotli qo‘yning yangi partiyasi olib kelindi. Bu haqda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi xabar bermoqda.
Hayvonlar Mo‘g‘ulistondan Navoiy va Buxoro viloyatlarida ko‘paytirish uchun olib kelingan. Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, yil oxirigacha yana 100 ming bosh qo‘y olib kelish rejalashtirilgan — oktyabr oyi oxirigacha 50 ming boshni yetkazib berish bo‘yicha 60 ta reys, noyabr-dekabr oylarida yana 50 ming bosh.
Tashrif davomida Mo‘g‘uliston bosh vaziri o‘rinbosari Saynbuyangin Amarsayxan bilan muzokaralar o‘tkazilib, tomonlar qo‘y va echkilar uchun eksport bojini 18 dollardan 7 dollargacha pasaytirishga kelishib oldi.
Bundan tashqari, Qo‘mita raisi Bahrom Norqobilov boshchiligidagi ishchi guruh Mo‘g‘ulistonning Jargalant Sheep, West Point va Marble Meat kompaniyalari bilan mahsulot yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzdi. Bitimlarda O‘zbekistonning 40 dan ortiq fermer xo‘jaligi ishtirok etmoqda.