O‘zbekiston va Afg‘oniston energetika sohasida to‘rtta bitim imzoladi. Bu haqda Afg‘oniston bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari matbuot xizmati xabar bermoqda.
Afg‘onistonning Da Afghanistan Breshna Sherkat (DABS) energetika kompaniyasi va “O‘zenergosotish” AJ o‘rtasida shartnomalar imzolandi.
Loyihalar orasida:
- quvvati 1000 MVt bo‘lgan 500 kV kuchlanishli Surxon — Dasht-i-Alvan elektr uzatish tarmog‘ini qurish;
- Argandi podstansiyasining 800 MVA quvvatga kengaytirilishi;
- 220 kV kuchlanishli, quvvati 800 MVt bo‘lgan Kobul — Shayx-Masri elektr uzatish tarmog‘i;
- Nangarhorda quvvati 126 MVt bo‘lgan Shayx-Mesri podstansiyasini qurish.
O‘zbekiston ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun qariyb 243 million dollar sarmoya kiritadi. Ularni 18 oy ichida yakunlash rejalashtirilgan. Shundan so‘ng Afg‘oniston O‘zbekistondan 800-1000 MVtgacha elektr energiyasini import qilishi mumkin bo‘ladi.