O‘zbekistonda Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatida ayrim toifadagi oilalarga ichimlik suvi ta’minoti xarajatlarini qoplash uchun subsidiyalar ajratish tartibi tasdiqlandi. Bu haqda Norma.uz yozmoqda.

2025-yil 1-iyuldan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi ehtiyojmand oilalarga bir martalik moddiy yordam o‘rniga davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan artezian quduqlarini burg‘ilash, xonadonlariga suv nasoslarini o‘rnatish va ichimlik suvi filtrlarini xarid qilish xarajatlarini qoplash uchun subsidiyalar ajratiladi.

Subsidiya artezian quduqlarini burg‘ilash, suv nasoslarini o‘rnatish va ichimlik suvi filtrlarini xarid qilish xarajatlarining 90 foizi, biroq BHMning 30 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda ajratiladi. Mazkur xizmatlar “Ijtimoiy himoya yagona milliy tizimi” orqali aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlashga ko‘maklashuvchi tadbirkorlik subyektlari reyestriga kiritilgan tadbirkorlar tomonidan ko‘rsatiladi.

Subsidiyalar bir vaqtning o‘zida quyidagi shartlarga rioya etilgan taqdirda beriladi:

  • subsidiya oluvchilarning yashash joyida artezian qudug‘ini burg‘ilash, suvni tozalash uchun nasos va filtrni sotish va o‘rnatish ishlari reyestrga kiritilgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan amalga oshiriladi;
  • mahalla raisi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi mas’ul vakillarining quduq burg‘ilangani hamda nasos va filtr o‘rnatilgani to‘g‘risidagi xulosasi ish joyida tuzilgan bo‘lsa;
  • subsidiya oluvchilar tomonidan quduq qazish va nasos o‘rnatish natijasida olingan suvning yaroqliligi to‘g‘risidagi xulosa Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining mas’ul xodimlari tomonidan joyida berilgan.
  • Subsidiya oluvchining voyaga yetgan muomalaga layoqatli oila a’zosi yoki uning qonuniy vakili “Inson” markazlari yoki mahalladagi ijtimoiy xodimlarga murojaat qilish orqali “Ijtimoiy himoya yagona milliy tizimi”da ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.

Tadbirkor belgilangan muddatda subsidiya oluvchining yashash manziliga yetib borishi, artezian quduq qazib, suv nasosi va ichimlik suvi filtrini o‘rnatishi kerak.