Shavkat Mirziyoyev 18-avgust kuni Toshkentda barpo etilgan Olimpiya shaharchasiga tashrif buyurdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qurilish 2022-yil 9-noyabrda boshlangan. O‘shanda davlatimiz rahbari Olimpiya shaharchasi xalqimizning yuksak bunyodkorlik salohiyati va o‘zbek sportining ulkan yutuqlari ramziga aylanishi, mukammal arxitekturasi, energiya tejamkorligi va eng ilg‘or innovatsion yechimlarni o‘zida mujassam etishi bilan ajralib turishini ta’kidlagan edi.

Bu so‘zlar o‘zini to‘la oqladi — qisqa muddatda 100 gektardan ziyod maydonda muhtasham majmua bunyod etildi. Qiymati qariyb 290 million dollar bo‘lgan noyob loyiha CAMC Engineering kompaniyasi tomonidan xalqaro standartlar asosida amalga oshirildi. Shaharchada beshta asosiy sport inshooti joylashgan.

Murakkab muhandislik yechimlari va o‘ziga xos dizayn asosida qurilgan velodrom alohida e’tiborga loyiq. Uning trekining sifati, trayektoriyasi va burilish burchaklari Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi talablariga javob beradi. Ko‘p qatlamli qoplamada eng mustahkam yog‘ochlardan foydalanilgan. Qoplama sifatini saqlab qolish uchun velodrom ichida yil davomida barqaror harorat saqlanib turadi. Hatto havoning qarshiligi ham hisobga olingan. Yorug‘lik sportchilar uchun ham, tomoshabinlar va teleko‘rsatuvlar uchun ham qulay bo‘lishi uchun bir tekis va optimal tarzda tashkil etilgan. Tribunalar 2 200 kishiga mo‘ljallangan. XOQning yangi talablariga muvofiq, tomoshabinlar joylarida himoya to‘siqlari o‘rnatildi. Bundan tashqari, velodrom ko‘p funksiyali: bu yerda stol tennisi va qilichbozlik bo‘yicha musobaqalar va mashg‘ulotlar o‘tkazish mumkin. Bu O‘zbekistondagi birinchi shunday darajadagi obyekt. Prezident hududlarda velosportni rivojlantirish bo‘yicha dastur tayyorlash va buning uchun zarur sharoitlar yaratish yuzasidan topshiriq berdi.

Shavkat Mirziyoyev stol tennisi arzon va ommaviy sport turi ekanini ta’kidlab, uni maktab va mahallalarda faol yo‘lga qo‘yish, zarur jihozlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Shaharcha markazida 12 ming o‘rinli stadion joylashgan. Xalqaro turnirlar davomida bu yerda tantanali marosimlar o‘tkaziladi, yashil maydon va to‘qqiz yo‘lakli yugurish yo‘lakchasida yengil atletikaning 48 turi, jumladan, jahon chempionatlari, “Brilliant ligasi”, paralimpiya o‘yinlari va ko‘zi ojizlar o‘rtasida IBSA o‘yinlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazish mumkin bo‘ladi. Qolgan vaqtda stadiondan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari va dual ta’lim uchun foydalaniladi. Stadion qoshidagi 4 qavatli binoda milliy terma jamoalar va sport federatsiyalari mutaxassislari joylashadi.

Davlatimiz rahbari yengil atletika va paralimpiya sport turlari aholi salomatligini mustahkamlashda muhim o‘rin tutib, Olimpiya va Osiyo o‘yinlari dasturidan keng o‘rin olgani, lekin mamlakatda ularning imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilmayotganini ta’kidladi. Shu bois yengil atletikaning barcha yo‘nalishlarini rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish, hududlardagi stadionlarni rekonstruksiya qilib, mashg‘ulotlar uchun sharoitlarni yaxshilash, xorijdan murabbiylar jalb qilib, sportchilarning mahoratini oshirish vazifasi qo‘yildi.

Suv sporti saroyi zamonaviyligi va qulayligi bilan ham ajralib turadi. Bu yerda suzish uchun 25×50 metr, suvga sakrash uchun 25×20 metrli basseynlar, mashg‘ulot suzish havzasi, trenajyor zallari barpo etilgan. Barcha sharoitlar va o‘lchamlar xalqaro olimpiya standartlariga to‘liq javob beradi. Yaqinda World Aquatics federatsiyasi delegatsiyasi majmuani ko‘zdan kechirib, uning muvofiqligini tasdiqladi. Shu tariqa, bu yerda suzish, suvga sakrash, sinxron suzish va suv polosi bo‘yicha Osiyo va jahon chempionatlari, jumladan, Olimpiya o‘yinlari dasturidagi turnirlarni o‘tkazish mumkin. Tribunalar 2 mingdan ortiq tomoshabinga mo‘ljallangan. Prezident suv sportini yanada rivojlantirish, xalqaro turnirlardagi natijalarni oshirish zarurligini ta’kidladi.

O‘yin turlari va yakkakurash majmualari ham xalqaro standartlar darajasida barpo etilgan. Ularning har biri uch qavatli bo‘lib, 2 ming o‘rinli minbarlarga ega. Bittasida voleybol, basketbol va gandbol bo‘yicha mashg‘ulotlar va xalqaro musobaqalar, yakkakurashlar zalida esa dzyudo, boks va taekvondo bo‘yicha musobaqalar o‘tkaziladi.

Tashrif chog‘ida prezident sportchilar bilan uchrashdi:

Xalqaro musobaqalarda bayrog‘imizni baland ko‘tarib, mamlakatimiz rivojini namoyon etyapsizlar. Sizning har bir yutug‘ingiz xalqimiz uchun katta g‘urur, yoshlarimizga kuch, dalda. Bu harakatlarni davom ettirib, bolalarni ortingizdan ergashtirib, sportimizni yanada yuksaltirishingizni tilaymiz.

Olimpiya shaharchasida futbol, voleybol, tennis, chim ustida xokkey va yengil atletika bo‘yicha 15 ta ochiq maydoncha barpo etilgan. Paralimpiyachilar uchun 400 o‘rinli yotoqxona, Sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi qurilishi yakunlanmoqda. Shaharchadagi barcha inshootlar energiya tejamkor bo‘ladi. Avtoturargohlar tepasiga quyosh panellari o‘rnatiladi.