17-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev va Rossiya prezidenti Vladimir Putin telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbarlari xalqaro va ikki tomonlama ahamiyatga molik dolzarb masalalarni muhokama qildilar. Vladimir Putin Shavkat Mirziyoyevga 15-avgust kuni AQShning Ankorij shahrida bo‘lib o‘tgan Rossiya-AQSH sammiti yakunlari to‘g‘risida ma’lumot berdi.

O‘zbekiston Prezidenti erishilgan kelishuvlarni qo‘llab-quvvatlab, Ukraina atrofidagi vaziyat tez fursatda tartibga solinishiga umid bildirdi. Tomonlar savdo-iqtisodiy hamkorlik sur’atini saqlab qolish va ikki mamlakat korxonalarining ustuvor kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar ko‘rish masalalarini ham ko‘rib chiqdi.

15-avgust kuni Alyaskada Tramp va Putinning muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bu ularning Ukrainada urush boshlanganidan keyingi birinchi yuzma-yuz uchrashuvi edi. Prezidentlar uchrashuvni foydali va samarali deb atashdi, ammo aniq natijalar haqida e’lon qilishmadi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 18 avgust kuni Oq uyda AQSH prezidenti Donald Tramp bilan uning taklifiga binoan uchrashadi. Ushbu uchrashuvga Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya va Finlyandiya yetakchilari, Yevrokomissiya rahbari va NATO bosh kotibi ham boradi.