O‘zbekiston va Qozog‘iston ikki mamlakatda AES qurilishi mumkin bo‘lgan maydonlarning seysmik xavfsizligini muhokama qildi. Bu haqda Atom energiyasi agentligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
“O‘zatom” direktori Azim Axmedxadjayev Qozog‘iston ekologiya va tabiiy resurslar vaziri o‘rinbosari Jo‘mart Aliyev hamda ikki mamlakat delegatsiyalari bilan atom sohasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Muzokaralar chog‘ida tomonlar xavfsizlik, seysmik barqarorlik, ekologiya masalalari bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga urg‘u bergan holda atom energetikasi sohasidagi hamkorlik yo‘nalishlarini ko‘rib chiqdi.
Tomonlar radiatsiyaviy xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash va mamlakatlar o‘rtasida ma’lumotlar almashish uchun radiatsiyaviy va ekologik vaziyatni monitoring qilishning qo‘shma tizimi masalalarini muhokama qildilar. Bundan tashqari, favqulodda vaziyatlarda tezkor harakat qilish mexanizmlarini ishlab chiqish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarning ahamiyati katta ekani ta’kidlandi.
Delegatsiyalar atom sanoati uchun mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha tajriba almashish, jumladan, “MIFI” MTYU Toshkent filiali negizida qo‘shma ta’lim dasturlarini yaratish masalalarini muhokama qildilar. Xususan, tomonlar xodimlar malakasini oshirish, shuningdek, radiatsiya va yadro xavfsizligini ta’minlash uchun yangi texnologiyalarni ishlab chiqish sohasida hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.