15-iyuldan 15-avgustgacha O‘zbekiston bo‘yicha 707 mingta qoidabuzarlik aniqlangan. Bu haqda IIV matbuot xizmati “Xavfsiz va sog‘lom yurt” tadbirining ikkinchi bosqichi yakunlari bo‘yicha xabar bermoqda.
O‘tgan davr mobaynida huquqbuzarlarning qariyb 85 mingta avtomobili jarima maydonchalariga joylashtirildi, 153 ming nafar fuqaro bilan qarovsiz qoldirilgan mashina, velosiped va aravalar uchun suhbatlar o‘tkazildi.
Shuningdek, 18 700 ta yo‘l belgisi, 270 ta svetofor o‘rnatildi, 772 ming kv.m. yo‘l chiziqlari chizildi, 580 ta ko‘tarilgan piyodalar o‘tish joylari yaratildi, 7 100 ta svetofor ta’mirlandi.
Toshkent shahri va viloyatlardagi 18 ta mahallada noqonuniy o‘rnatilgan shlagbaumlar va taqiqlovchi belgilar demontaj qilindi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida yo‘l-transport hodisalari soni o‘tgan oyga nisbatan 41,3 foizga kamaydi.
Mahalla va aholi punktlarida 153 ming 816 ta kuzatuv kamerasi o‘rnatildi. 6 392 ta savdo do‘koni va 5 949 ta uy-joy texnik, 2 031 ta obyekt esa jismoniy qo‘riqlovga olingan. Natijada mamlakatda jinoyatlar soni 29 foizga, oldini olish mumkin bo‘lganlari 39 foizga kamaydi, fosh etilishi esa 50 foizga oshdi.