19-avgust kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Uchtepa tuman sudida Azon Global portali asoschisi Alisher Tursunovga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish boshlandi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar bermoqda.
Mubashshir Ahmad nomi bilan tanilgan Alisher Tursunov Jinoyat kodeksining quyidagi moddalari bilan ayblanmoqda:
- 156-moddaning 2-qismi bo‘yicha — milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish;
- 244-1-modda 3-qismining “g” bandi bo‘yicha — jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish;
- 244-3-modda bo‘yicha — diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish.
Hozirda Alisher Tursunovga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Oliy sud blogerlar va OAV vakillarini aybsizlik prezumpsiyasini yodda tutishga chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, xalqaro qidiruvga berilgan Mubashshir Ahmad nomi bilan tanilgan Alisher Tursunov 8 may kuni Turkiya huquq-tartibot idoralari tomonidan qo‘lga olinib, 10-may kuni O‘zbekistonga deportatsiya qilingan edi.