Shavkat Mirziyoyev 18-avgust kuni Toshkent shahridagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘i yonida barpo etilgan zamonaviy mehmonxona majmuasini borib ko‘rdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
8 gektardan ziyod maydonda 12 ta zamonaviy mehmonxona, 375 o‘rinli “Yangi Toshkent” anjumanlar zali, 310 o‘rinli restoran, sog‘lomlashtirish markazi, ochiq sport maydonchasi barpo etildi. Har biri 124 o‘rinli, 62 xonadan iborat uch yulduzli besh qavatli mehmonxonalar Qoraqalpog‘iston va viloyatlar nomi bilan atalgan.
Ushbu majmua yagona konsepsiya asosida faoliyat yuritadi va uni boshqarish katta tajribaga ega nufuzli xalqaro kompaniyalar — Leo Hospitality Solutions, Radisson Individuals va Trademark Collection by Wyndham’ga topshiriladi. Xususiy banklar bunday majmualarni boshqarishda sherik bo‘lish taklifi bilan chiqdi.
Prezident joylarda xizmat ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish, zamonaviy obyektlar barpo etish aholi farovonligini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Shuningdek, mehmonxonalar hududida yuqori darajadagi tadbirlar va yirik xalqaro anjumanlar o‘tkazilishi mumkin. Majmuada 540 ta yangi ish o‘rni yaratilib, yiliga o‘rtacha 55 ming nafargacha sayyohga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi.
“Majmuada 540 ta yangi ish o‘rni yaratilib, yiliga o‘rtacha 55 ming turistga xizmat ko‘rsatilishi ko‘zda tutilgan. Bu yer mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun yana bir lokatsiya, Toshkent vohasida turizm rivoji uchun qo‘shimcha stimul bo‘ladi”, — deyiladi xabarda.
Prezident xizmatlar turini ko‘paytirish va sifatini oshirish, ham mahalliy, ham xorijiy turistlarni jalb qilish zarurligiga e’tibor qaratdi. Shuningdek, u ko‘p funksiyali mehmonxona xizmatini rivojlantirishni mamlakat hududlarida ham faol ilgari surish zarurligini ta’kidladi.