O‘zbekistonda kriminogen vaziyat murakkablashgan mahallalarda jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar konsepsiyasi tasdiqlandi. Bu haqda prezident qarorida aytilgan.

Konsepsiya tashkiliy-profilaktik va manzilli chora-tadbirlarni ilmiy-amaliy yondashuv bilan uyg‘unlashtirish orqali kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishi va xavfsiz muhit yaratishi lozim.

Joriy yil yakuniga qadar tuman (shahar) IIB boshlig‘i va prokurorning ish xonalari bevosita mahallada tashkil etilib, ularning ish kuni boshlanishi va tugashi shu yerda amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, ijtimoiy profilaktika obyektlari, ayniqsa, oila-turmush sohasida huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar to‘g‘risida har uch kunda kamida bir marta majburiy axborot olish amaliyoti joriy etiladi.

Shuningdek, mahallalarda “mahalla yettiligi” faoliyati doirasida fuqarolar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha tushuntirish-targ‘ibot ishlarini olib boruvchi “mahalla targ‘ibotchilari” jamoatchilik guruhlari tashkil etiladi.

Mahalladagi jamoat joylari, ko‘p qavatli uylar va turar joy binolari oldida ogohlantirish tugmalari o‘rnatiladi.

Kriminogen vaziyat murakkab bo‘lgan mahallalarda manzilli ishlash mexanizmlari joriy etilmoqda. Bunday mahallalarda sun’iy intellektga asoslangan maxsus dasturiy ta’minotga integratsiya qilingan zamonaviy kuzatuv kameralari o‘rnatiladi.

Joriy yil yakuniga qadar jismoniy shaxslar mol-mulkining texnik qo‘riqlanishini 30 foizga, yuridik shaxslar mol-mulkining texnik qo‘riqlanishini 60 foizga yetkazish rejalashtirilgan.