O‘zbekistonda bir qator tadbirkorlar aylanmadan olinadigan soliqni 1 foiz miqdorida to‘laydi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda aytib o‘tdi.

1-noyabrdan tadbirkorlarga barcha mobil to‘lov ilovalari orqali to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beruvchi universal QR-kod beriladi.

Yillik aylanmasi 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan barcha tadbirkorlar kelgusi yil 1-yanvardan yagona soliq to‘lovini aylanmaning 1 foizi miqdorida to‘lashga o‘tadi.

Masalan, aylanmasi 100 mln so‘mgacha bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkor yiliga 12 mln so‘mgacha bo‘lgan qat’iy belgilangan soliq o‘rniga ko‘pi bilan 1 mln so‘m to‘laydi.

“Umuman, yaratilgan sharoitlar natijasida yakka tartibdagi tadbirkorlarning hisob raqamlarida yiliga bir trillion so‘mgacha, tasavvur qiling, bir trillion so‘m mablag‘ tejaladi. Bu kichik biznes uchun qo‘shimcha manba, yakka tartibdagi tadbirkorlarga o‘z biznesini yangi bosqichga olib chiqish uchun yana bir imkoniyat”, — dedi prezident.