Toshkentning Uchtepa tumanida erkak aliment to‘lash bo‘yicha yangi rekord o‘rnatdi. U 4 nafar farzandining ta’minoti uchun 2,4 mlrd so‘m bergan. Bu haqda MIB matbuot xizmati xabar bermoqda.
Sudning hal qiluv qaroriga asosan qarzdorga nisbatan to‘rt nafar voyaga yetmagan farzandlari ta’minoti uchun aliment undirish to‘g‘risida ijro hujjati berilgan.
O‘tkazilgan ijro harakatlari davomida qarzdor ariza bilan murojaat qilib, bolalar voyaga yetgunga qadar bo‘lgan butun davr uchun aliment miqdorini hisoblab berishni so‘ragan.
Aliment miqdori qarzdorning 2025-yil 1-avgustdan 2041-yil 1-aprelgacha bo‘lgan davrdagi ish haqi va boshqa daromadlarining 50 foizidan kelib chiqib hisoblangan va jami 2 442 482 580 so‘mni tashkil etgan.
Sh.J. alimentning barcha summasini naqd pul ko‘rinishida bir yo‘la to‘lagan, ijro hujjati yopilgan.