O‘zbekistonda mehmonxonalar va mehmon uylari o‘rtasida tanlov o‘tkaziladi. Bu haqda prezident tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda aytib o‘tdi.
Yil boshidan buyon O‘zbekistonga 7 millionga yaqin xorijiy sayyoh tashrif buyurdi, 15 million aholi mamlakat bo‘ylab sayohat qildi. Yaqin 3-4 yil ichida xorijiy sayyohlarning yillik oqimi kamida 15 mln.
Shu bois turizmni rivojlantirish bo‘yicha yangi dastur boshlanadi. Xususan, oilaviy mehmon uylariga sayyohlarni qabul qilish limitini ikki barobar oshirish taklif etilmoqda. Hozirgi kunda amaldagi tartibga ko‘ra, bunday uylar bir kunda 10 nafardan ortiq sayyohni qabul qila olmaydi.
Bundan tashqari, davlat rahbari mahalliy mehmonxonalar va oilaviy mehmon uylari o‘rtasida tanlov o‘tkazishni taklif qildi.
Tanlovning mukofot jamg‘armasi 1 mln dollarni tashkil etadi. Har yili turistlar e’tiborini qozongan va nufuzli xalqaro platformalarda eng ko‘p ijobiy baho olgan mehmonxonalar taqdirlanadi.
Prezident qayerda infratuzilma yaxshi bo‘lsa, tadbirkorlarning o‘zi o‘sha yerga borishini, servis jadal rivojlanishini ta’kidladi.
Infratuzilmani rivojlantirish orqali yangi yirik turistik zonalar tashkil etiladi. Master-reja asosida Chortoq tumanining “Qorabog‘”, Farg‘onaning “Chimyon”, Boysun tumanining “Omonxona” mahallalari va Nurobod tumanining Nurbuloq shaharchasida 300-500 gektar maydonda yil davomida ishlaydigan yirik dam olish maskanlari tashkil etiladi. Ushbu loyihalar infratuzilmasiga $150 mln yo‘naltiriladi.