O‘zbekistonda mehmonxona qurayotgan tadbirkorlar yer sotib olish uchun pul to‘lamaydi. Bu haqda prezident tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda aytib o‘tdi.

Kelgusi uch yilda mehmonxona va turizm obyektlari tashkil etish uchun jami 5 ming gektar yer maydoni auksionga chiqariladi. Shu bilan birga, mehmonxona qurishni rejalashtirgan tadbirkorlar yer sotib olish uchun pul to‘lamaydi. Buning o‘rniga davlat loyihaga yer qiymati miqdorida ulushli ishtirokchi sifatida kiradi.

Tadbirkorlar ushbu ulushni 10 yil ichida istalgan vaqtda sotib olishlari mumkin bo‘ladi. Agar tadbirkor yer narxini birdaniga to‘lashga qaror qilsa, unga 20 foiz chegirma beriladi.

Mehmonxonalar qurish uchun 7 yil muddatga imtiyozli kreditlar ajratiladi, shundan dastlabki 2 yili imtiyozli bo‘ladi. Kredit miqdori viloyat markazlari va 36 ta turizmga ixtisoslashgan tumanlarda 30 mlrd so‘mgacha, boshqa hududlarda 10 mlrd so‘mgacha bo‘ladi.

Ko‘plab tadbirkorlar davlat obyektlari yoki xususiy binolarni sotib olib, mehmonxonaga aylantirayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Endi yangi mehmonxonalar uchun nazarda tutilgan subsidiyalar bunday holatlarga ham tatbiq etiladi.

Endilikda mehmonxona egalari har bir sayyoh uchun kuniga 62 ming so‘mgacha turistik yig‘im to‘lashga majbur. Endi Toshkent shahri, viloyat markazlari va yirik turistik zonalardan tashqarida joylashgan mehmonxonalar bu yig‘imdan ozod qilinadi.