Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash tizimini transformatsiya qilish, tibbiy xizmat sifatini oshirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
So‘nggi yillarda insult va infarktga olib keladigan gipertoniya, yurak ishemik kasalligi va qandli diabetning ko‘payishi kuzatilmoqda. Bunday holatlarning 85 foizi nogironlikka olib kelmoqda.
Shu bois birlamchi bo‘g‘inda sun’iy intellektni keng qo‘llagan holda ushbu kasalliklarning oldini olish va davolash bo‘yicha yangicha protokol va yondashuvlarni joriy qilish taklifi bildirildi. Jumladan, EKG-telemetriya, telemeditsina, trombolizis terapiya, stentlash va tromboekstratsiya yo‘lga qo‘yiladi. Insult belgilarini erta aniqlash algoritmini ommalashtirish va aholiga o‘rgatishga alohida e’tibor qaratiladi.
Nevrologik kasalliklar va insultni samarali davolash maqsadida Milliy nevrologiya va neyroreabilitatsiya tibbiyot markazi tashkil etiladi. Markaz uchun Toshkent shahrida 250 o‘rinli zamonaviy bino quriladi, unda yiliga 3 mingdan ortiq jarrohlik amaliyotini o‘tkazish imkoniyati bo‘ladi.
Markaz hamda Samarqand va Buxorodagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlari klinikalari zamonaviy uskunalar bilan jihozlanadi. Yaponiyalik hamkorlar ko‘magida xalqaro standartlar bo‘yicha erta reabilitatsiya xizmati joriy etiladi. 150 nafar mutaxassis xorijda malaka oshiradi. Loyiha uchun 150 million AQSH dollari yo‘naltiriladi. Ushbu chora-tadbirlar nogironlik va mehnatga layoqatsizlikni kamaytirish imkonini beradi.
Shuningdek, amaldagi sog‘liqni saqlash tizimini xaritalash va raqamlashtirish, shu asosda tibbiyot muassasalarini yagona yondashuv asosida tashkil etish bo‘yicha master-reja ishlab chiqish taklifi bildirildi. Bu ishlar doirasida yangi qurilish standartlari, poliklinika va kasalxonalarning namunaviy loyihalari shakllantiriladi, 210 ta sanitariya normasi qayta ko‘rib chiqiladi.
Shu bois 2030-yil yakuniga qadar 198 ta markazlashgan laboratoriya tashkil etish, ichki va tashqi sifat nazoratini yo‘lga qo‘yish, jarayonlarni to‘liq raqamlashtirish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, bepul tahlillar soni oshiriladi.