Toshkentda qizil rangga bo‘yaladigan birinchi tungi avtobuslar 2025-yil oxirigacha ishga tushiriladi. Bu haqda Zamon informatsion teleko‘rsatuvi efirida ma’lum qilindi.

Avtobuslar soat 22:00 dan 06:00 gacha aeroport, vokzal va sayyohlik ko‘chalari orqali 15 ta yo‘nalishda harakatlanadi. Dastlabki bosqichda harakatlanish intervali 30 daqiqani tashkil etadi.

Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Allayar Norbo‘tayevning so‘zlariga ko‘ra, loyiha ikki bosqichda amalga oshiriladi:

  • Umumiy uzunligi 136 km bo‘lgan 8 ta yo‘nalish mavjud. 31 ta avtobus ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Bunga 19,1 mlrd so‘m yo‘naltiriladi;
  • Umumiy uzunligi 98 km bo‘lgan 7 ta yo‘nalishda 23 ta avtobus harakatlanadi. Loyihani amalga oshirish uchun hozirgi bosqichda 14,2 mlrd so‘m mablag‘ talab etiladi.

Biz ularni «T» harfi bilan boshlanuvchi raqamlar bilan belgilashni taklif qildik – T1, T2, T3. Joriy yil yakuniga qadar T1 yo‘nalishini ishga tushirishni rejalashtirganmiz, – dedi A.Norbo‘tayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, T1 yo‘nalishi Bektemir tumani Husayn Boyqaro ko‘chasidan Qo‘yliq bozori tomon, so‘ngra hozirgi Xonobodtepa ko‘chasi orqali o‘tadi. Ushbu yo‘nalish joriy yil oxirigacha ishga tushiriladi.