Ijtimoiy tarmoqlarda Mozori Sharifdagi Alisher Navoiy haykali butunlay buzib tashlangani haqida xabarlar tarqaldi. 2023-yil fevral oyida shoirning barelefi yo‘q qilingan edi, endi u haqidagi ma’lumotlar bilan konstruksiyaning qolgan qismi buzib tashlandi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonov ma’lumotga izoh berdi.

Afg‘oniston tomoni yodgorlik mahalliy hokimiyat tomonidan “buyuk olim xotirasiga munosib emasligi” va shoir va mutafakkir sharafiga “chiroyliroq majmua qurish kerakligi” sababli buzib tashlanganini ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, buzib tashlash to‘g‘risidagi qaror Afg‘oniston Madaniyat va axborot vazirligi va jamoatchilik bilan kelishilmagan. Kobuldagilar sodir bo‘lgan voqeadan afsusda ekanini bildirgan.

Afg‘oniston hukumati vakillari nafaqat O‘zbekiston, balki Afg‘oniston xalqi uchun ham buyuk siymo Alisher Navoiy xotirasini munosib abadiylashtirish zarurligini ta’kidlab, buyuk shoir va mutafakkir xotirasiga alohida yodgorlik o‘rnatishga va’da berdi.

“Hududni obodonlashtirish, shoir hayoti va ijodiy merosiga oid maʼlumotlarni o‘z ichiga olgan yozuvlarni tiklash hamda amaldagi qarorlarga muvofiq yangi yodgorlik barpo etish hamda u joylashgan maydonga buyuk shoir Alisher Navoiy nomi qo‘yilishi rejalashtirilganini maʼlum qildi”, — deyiladi xabarda.