Afg‘onistonning Mozori Sharif shahrida Alisher Navoiyga yangi haykal o‘rnatish ishlari boshlandi. Bu haqda O‘zbekiston TIV xabar bermoqda.

Qurilishning ochilish marosimi shahar rahbari, O‘zbekiston diplomatlari va Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tdi.

Loyihaga ko‘ra, yodgorlik va uning yonida maydon barpo etish rejalashtirilgan bo‘lib, u ham shoir va mutafakkir nomi bilan ataladi. Tomonlar buyuk shoir xotirasini asrab-avaylash, O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlash muhimligini ta’kidladilar.

Yangi obyekt shahar aholisi va mehmonlari uchun madaniy va tarixiy diqqatga sazovor joyga aylanadi, — deyiladi O‘zbekiston TIV xabarida.

Eslatib o‘tamiz, jamoatchilik e’tirozidan so‘ng O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi vaziyatga aralashib, izoh talab qilgandi. Afg‘oniston tomoni buzilishni yodgorlikni shoir va mutafakkirga munosibroq yodgorlik bilan almashtirish zarurati bilan izohladi.