Xitoyga parvoz qilish huquqiga ega bo‘lgan O‘zbekiston aviatashuvchilari soni 8 taga yetkaziladi. Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ostonada fuqaro aviatsiyasi sohasida hamkorlik bo‘yicha “Markaziy Osiyo — Xitoy” (C5+1) ishchi guruhining ikkinchi konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Konferensiya doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi va Xitoy fuqaro aviatsiyasi ma’muriyati o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi kelishilgan aviaqatnovlar sonini 130 taga yetkazish, O‘zbekiston aviatashuvchilari uchun ruxsat berilgan Xitoy shaharlari sonini ko‘paytirish, shuningdek, Xitoyga yo‘lovchi va yuk tashish uchun parvoz qilish huquqiga ega bo‘lgan O‘zbekiston aviatashuvchilari sonini sakkiztaga yetkazish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida tegishli hujjat imzolandi. U Xitoy tomoni ichki kelishuv jarayonlarini yakunlaganidan so‘ng kuchga kirishi kutilmoqda.