O‘zbekiston Markaziy banki tijorat banklarining axborot va kiberxavfsizligiga qo‘yiladigan minimal talablar to‘g‘risidagi nizomni tasdiqladi.

Tijorat banklari butun faoliyati davomida o‘z tizimlari va resurslarida axborot va kiberxavfsizlikni ta’minlash majburiyatini oladi. Banklar va ularning filiallarida axborot va kiberxavfsizlikni ta’minlash xizmatini tashkil etish topshirildi. U ma’lumotlarning saqlanishini nazorat qilishni tashkil etishi, ruxsatsiz hujumlarga urinishlar aniqlanganda tizimda ularni himoya qilish choralarini ko‘rishi, axborot va kiberxavfsizlikni ta’minlash masalalari bo‘yicha takliflar tayyorlashi kerak.

Markaziy bank, shuningdek, tijorat banklariga axborot xavfsizligi sohasida ichki siyosatni ishlab chiqish va qabul qilishni topshirdi. Banklarga o‘z IT-infratuzilmasini, shuningdek, axborot va kiberxavfsizlikni ta’minlash tizimlarini boshqarish, nazorat qilish va uzluksiz ishlashini ta’minlash vazifalarini autsorsingga berish taqiqlanadi.

Bankning axborot aktivlari, axborotni himoyalash vositalari, ma’lumotlar bazalari va serverlari bankning asosiy va zaxira ma’lumotlarini qayta ishlash markazlarida joylashtirilishi lozim. Markazlar axborot va kiberxavfsizlikni ta’minlash talablariga qat’iy rioya etishi, shuningdek maxfiy axborot, shu jumladan bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar chiqib ketishining oldini olishi kerak. Ular bank binosida, uning filiallarida, MBning bulutli texnologiyalar asosida tashkil etilgan data-markazida yoki davlat data-markazlarida tashkil etilishi mumkin.

Axborot aktivlarini favqulodda vaziyatlardan (yong‘in, zilzila, suv toshqini va boshqalar) himoya qilish uchun banklar asosiy markazdan kamida 50 km masofada ma’lumotlarni qayta ishlashning zaxira markazini tashkil etishi shart.

Bundan tashqari, banklar tizimlardagi xatolar va tashqi salbiy ta’sirlar natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan axborot va kiberxavfsizlik xatarlarini boshqarish tizimini yaratishi kerak bo‘ladi. Bajarilgan ishlar darajasi Markaziy bank tomonidan yuritiladigan reyting axborot tizimida aks ettiriladi.

Bank xavfsizlik bilan bog‘liq jiddiy hodisalar to‘g‘risida Markaziy bankka va vakolatli davlat organlariga darhol xabar berishi shart. Hujjat 20-noyabrdan kuchga kiradi.