Toshkent viloyatida “Abdulloh” taxallusi bilan tanilgan bloger Valeriy Yugay ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston xalqi va prezidentini haqorat qilgani uchun sudlandi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar bermoqda.

26 yoshli bloger Janubiy Koreyada bo‘lgan vaqtida ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga O‘zbekiston fuqarolarini haqorat qilgan bir nechta videolarni joylashtirgan. Millatlararo nifoqni qo‘zg‘atish, milliy qadriyatlarni tahqirlash, fuqarolarni diniy e’tiqodiga ko‘ra kamsitish mumkin bo‘lgan chiqishlar qildi.

U 25-mart kuni O‘zbekistonga qaytib kelgan va darhol huquq-tartibot idoralari tomonidan qo‘lga olingan. Ish jinoyat ishlari bo‘yicha Nurafshon shahar sudida ko‘rib chiqildi.

U Jinoyat kodeksining 156-moddasi 2-qismi (Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish) va 158-moddasi 3-qismi (Prezidentga tajovuz qilish) bilan aybdor deb topildi. U uch yil-u bir oyga manzil-koloniyada qamoq jazosiga hukm qilindi.