Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentning Yakkasaroy tumanida ko‘p qavatli uylar yonida asfalt cho‘kayotgani haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. Holat Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan o‘rganildi.
Asosiy sabab G4-blokning noqonuniy qurilishi bo‘ldi. Ushbu obyekt ekspertizadan o‘tkazilmagan va inspeksiyada ro‘yxatdan o‘tkazilmagan, biroq unda ishlar boshlangan. Qoidabuzarlik holatlari bo‘yicha materiallar huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.
Buyurtmachi tomonidan amalga oshirilayotgan kotlovan ishlari davomida transformatorda nosozlik yuzaga kelib, yer osti suvlarini tortib olish imkoni bo‘lmadi. Natijada kotlovandagi suv sathi ko‘tarilib, yer osti avtoturargohi hududida tuproq siljishi yuzaga kelgan va cho‘kish sodir bo‘lgan.
Shu bilan birga, A-blok qurilishi qonuniy asosda amalga oshirilmoqda: loyiha ro‘yxatdan o‘tkazildi va tekshirildi. Inspeksiya u yerda 10 marotaba monitoring o‘tkazgan, 11 marotaba yozma ko‘rsatma bergan, buyurtmachi esa qurilish me’yorlarini buzganligi uchun ikki marotaba ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Mutaxassislar yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni bartaraf etish va aholi uchun oqibatlarning oldini olish maqsadida vaziyatni qo‘shimcha o‘rganishda davom etmoqda.