Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani hokimi lavozimiga Ashurov Asilbek Rahmonovich tayinlandi. Bu haqda Xalq deputatlari tuman kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Asilbek Ashurov nomzodi viloyat hokimi tomonidan ilgari surildi va deputatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi. Tayinlovga qadar Asilbek Ashurov 2022-yildan buyon Paxtakor tumani hokimi lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Iyul oyi boshida Sharof Rashidov tumanining sobiq hokimi Mahmud Xolbo‘tayev qo‘l ostidagi xodimi orqali 10 ming dollar pora olayotganda qo‘lga olingan edi. Rasmiy 30 ming dollar evaziga quruvchiga ko‘p qavatli uy qurish uchun yer ajratishni va’da qilgan. U tuman hokimi lavozimini 2019-yil oktyabr oyidan buyon egallab kelayotgan edi.