Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov yana reklama roligida ko‘rinish berdi. Kun.uz bunga e’tibor qaratdi.
Vazirlik rahbari Kokand University xususiy oliy ta’lim muassasasining Andijon filiali reklamasida suratga tushgan.
“Fursatdan foydalanib, yoshlarimizga ushbu universitetda o‘qishni tavsiya etaman”, — dedi u.
“Gazeta.uz”ning yozishicha, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi holatni reklama qonunchiligi doirasida o‘rganmoqda.
“Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 16-moddasiga ko‘ra, reklamada tovar yoki xizmat davlat organlari yoki ularning mansabdor shaxslari tomonidan ma’qullanganligini ko‘rsatish taqiqlanadi.
Qayd etilishicha, idora faqat universitetga nisbatan chora ko‘rishi mumkin. Agar vazir o‘z sahifalariga shunday reklama joylashtirsa, bu qonunbuzarlik bo‘ladi. Agentlik esa davlat xizmatchisining harakatlariga boshqaruv samaradorligi bo‘yicha baho berishga haqli.
Shu bilan birga, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunning 13-moddasiga ko‘ra, mansabdor shaxsga pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanish, bundan qonunlar va prezident qarorlarida nazarda tutilgan hollar mustasno, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslardan ularning manfaatlarini ko‘zlab o‘z xizmat vakolatlarini bajarganlik yoki bajarmaganlik uchun biron-bir mukofot, naf yoki sovg‘alar olish taqiqlanadi.