O‘zbekistonda davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari ishtirokida kasb-hunarga va xorijiy tillarga o‘qitishning vaucher tizimini joriy etishni nazarda tutuvchi qaror tasdiqlandi. Bu haqda Norma xabar bermoqda.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining Kasb-hunar markazlarida ishsiz aholini ish beruvchilarning buyurtmalari asosida mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga manzilli o‘qitish tizimi joriy etiladi.

Kasb-hunarga o‘qitish maqsadida Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ajratiladigan stipendiyalar davomiyligi uch oydan ortiq bo‘lgan o‘quv kurslariga qabul qilingan nogironligi bo‘lgan shaxslarga, shuningdek, “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritilgan ishsiz oila a’zolariga to‘lanadi.

Stipendiyalarni to‘lash tuman (shahar) kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limlari orqali amalga oshiriladi.

Shuningdek, quyidagilarni nazarda tutuvchi kasb-hunarga va chet tillariga o‘qitish uchun vaucherlar berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi:

  • ishsizlarga, shu jumladan “Kam ta’minlangan oilalar reyestri”ga kiritilgan oilalarning ishsiz a’zolariga yoki rasmiy daromadga ega bo‘lmagan ishsizlarga vaucher tizimi asosida o‘qish xarajatlarini qoplab berish tartibi;
  • vaucher tizimi asosida bunday xizmatlarni ko‘rsatuvchi ta’lim tashkilotlari reyestrini shakllantirish;
  • vaucherlarni berish va ulardan foydalanish, shuningdek, vaucher tizimi asosida davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlarini moliyalashtirish tartibi.

Ta’lim tashkilotlari vaucher tizimidan foydalanish uchun elektron reyestrda ro‘yxatdan o‘tishi shart.