Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi 4-shahar yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasida 4 yoshli bola vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Bolaning otasi jurnalistlar bilan suhbatda shifokorlar noto‘g‘ri tashxis qo‘ygani va davolanishga yetarlicha e’tibor bermaganini aytdi.

Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash boshqarmasining ma’lum qilishicha, 15-avgust kuni soat 08:30 da 4 yoshli bola ota-onasi tomonidan qusish, tana haroratining ko‘tarilishi, diareya, holsizlik va qorin og‘rig‘idan shikoyat qilib kasalxonaga olib kelingan. Bolaning onasidan epidemiologik anamnez yig‘ildi.

Ma’lum bo‘lishicha, oiladagi uch nafar bola uyda tarvuz iste’mol qilgandan so‘ng o‘zini yomon his qilgan: ularning barchasida qusish, diareya va isitma kuzatilgan. Uchalasi ham yuqoridagi shifoxonaga yotqizilgan.

Bola tez-tez qusgan, ichi suyuq kelgan, tana harorati 38 darajagacha ko‘tarilgan, qorni og‘rigan. Unga “O‘tkir ichak infeksiyasi, gastroenterokolitik shakli. Asorati: toksikoz-eksikoz 1-2 darajasi”.

Shifoxonaga yotqizilgandan so‘ng darhol umumiy va biokimyoviy qon tahlillari va boshqa tekshiruvlar o‘tkazildi. Suvsizlanish belgilarini hisobga olgan holda, davolash rejasi tuzildi va zarur terapiya boshlandi.

Birinchi sutkada bolaning harorati 37,7 darajagacha pasaydi, diareya kamaydi, ammo ko‘ngil aynishi va qusish davom etdi. Bemor davolovchi shifokor nazorati ostida bo‘ldi, konsilium o‘tkazildi, qo‘shimcha davolash rejasi belgilandi.

Soat 20:40 va 23:00 da navbatchi shifokor bolani qayta tekshirdi: suvsizlanish belgilari, qusish, 37,7 daraja harorat saqlanib qolgan. Suvsizlanish kuchayishining oldini olish uchun tomir ichiga suyuqliklar va qusishga qarshi dorilar yuborildi.

Soat 01:50 da bolaning onasi sog‘lig‘i yomonlashgani sababli navbatchi hamshiraga murojaat qilgan. Hamshira bolani ko‘zdan kechirib, uni jonlantirish bo‘limiga o‘tkazdi. 40 daqiqa davomida reanimatolog, navbatchi shifokor va boshqa tibbiyot xodimlari tomonidan reanimatsion tadbirlar o‘tkazildi: nafas yo‘llarini elektr so‘rg‘ich bilan tozalash, ambu yordamida sun’iy nafas oldirish, yurakni bilvosita uqalash, zarur shoshilinch dori-darmonlarni yuborish.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlarga qaramay, soat 02:30 da bolaning biologik o‘limi qayd etilgan. Shifokorlar “O‘tkir ichak infeksiyasi, gastroenterokolitik shakli. Aspiratsion sindrom”.

Bolaning jasadi Respublika sud-tibbiy ekspertiza byurosiga yuborilgan. Hozirda o‘lim holati yuzasidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Surishtiruv ishlari yakunlanib, sud-tibbiy ekspertiza xulosasi olingandan so‘ng yakuniy ma’lumot beriladi.