Toshkentda DXX va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari yerni noqonuniy sotishga urinishning oldini oldi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qurilish obyektlarini loyihalashtirish bilan shug‘ullanuvchi loyiha kompaniyalaridan birining ofis menejeri va maklerlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi fuqaro jinoiy til biriktirgan. Ular Mirzo Ulug‘bek tumanidan o‘zlariga tegishli bo‘lmagan 50 sotix yer maydonini tadbirkorga 4 mln dollarga sotishga kelishgan.
Shuningdek, noturar joy yerlar maqomini turar joyga o‘zgartirib, kottej qurishga ruxsat olishga va yuqori lavozimdagi tanishlari orqali tegishli hujjatlarni rasmiylashtirishga va’da berishgan. Ular bu xizmatlari uchun 200 ming dollar so‘rashgan. Jinoyatchilar talab qilingan pulni olayotganda jinoyat ustida qo‘lga olindi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (firibgarlik) va 211-moddasi 3-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchilar hibsga olingan.
Tergov harakatlari doirasida ularning sheriklari shaxsini aniqlash choralari ko‘rilmoqda.