Prokuratura xodimlari yoqilg‘i-energetika resurslaridan noqonuniy foydalanish va ularni talon-toroj qilishning oldini olish, energiya samaradorligini oshirish maqsadida O‘zbekiston bo‘ylab reydlar o‘tkazishni boshladi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.
Viloyat boshqarma boshlig‘i Abdurahim Muhiddinov Qo‘qon shahridagi vaziyat bilan tanishdi. Mutaxassislar “Abu Bakr ar Roziy” xususiy klinikasida o‘rnatilgan 610 kVt quvvatli quyosh panellaridan samarali foydalanish holatini o‘rganib, yirik xususiy korxonalarda tejamkor energiya manbalaridan foydalanish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Idoralararo ishchi guruh energiya balansi, energiyani tejash va tarmoqlardagi yo‘qotishlarni kamaytirish bo‘yicha rejalarning bajarilishini muhokama qildi. Yig‘ilishda mutasaddilarga kamchiliklar ko‘rsatilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Shuningdek, hududlardagi qurilish shtablari faoliyati ko‘zdan kechirilib, joylardagi ishchi guruhlar faoliyati samaradorligi muhokama qilindi.
Farg‘onada ixtisoslashtirilgan maktab qurilishiga alohida e’tibor qaratildi. Mutasaddilarga byudjet mablag‘larining maqsadsiz sarflanishiga yo‘l qo‘ymasdan, ishlarni sifatli va o‘z vaqtida yakunlash vazifasi qo‘yildi.