Shavkat Mirziyoyev Samarqandga kelgach, yaxshi an’anaga ko‘ra, dastlab Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qur’on tilovat etilib, duo o‘qildi. Davlat rahbari bu yerdagi bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi.

Buyuk muhaddis butun islom olamida chuqur hurmatga sazovor bo‘lib, uning maqbarasini ko‘rishga minglab insonlar intiladi. Ziyoratchilarga yanada keng sharoit yaratish maqsadida bu yerda ulkan me’moriy majmua bunyod etilmoqda.

Ziyoratgohning umumiy maydoni 44 gektar etib kengaytirilgan. Mo‘tabar maqbara, 10 ming kishilik masjid va ma’muriyat binosi qurib bitkazilgan. Majmuaning 4 burchagidagi 75 metrlik minoralar unga mahobat bag‘ishlagan. Ayni paytda pardozlash ishlari olib borilmoqda. Peshtoqlar va ayvon devorlariga “Sahihi Buxoriy”dan hadislar bitilmoqda.

Prezident bu majmua faqat ziyorat emas, ilm-ma’rifat, tarbiya va ibrat maskani bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Imom Buxoriyning buyuk izlanishlari, bilimi va kamoloti bu yerga keluvchilar, ayniqsa, yoshlar uchun ezgu namuna bo‘lishi qayd etildi.

Shu maqsadda yangi majmuada innovatsion muzey ham tashkil etilmoqda. U islom olamida muhaddislar sultoni deya e’tirof etilgan Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy merosi, islom ma’rifati rivojiga qo‘shgan hissasini namoyon etadi. Shuningdek, muzeyda Qur’oni karimda ismlari zikr qilingan 25 ta payg‘ambar tarixi, Muhammad alayhissalomning shajarasi, Makka va Madinadagi hayoti, hadislarning jamlanishi va yozilishi haqidagi ma’lumotlar joylashtiriladi.

Ziyoratgoh atrofida mehmonxona va boshqa xizmat ko‘rsatish binolari ham qurilish ishlari yakuniy bosqichga kirgan. Davlat rahbari qurilishni sifatli bajarish, odamlarga qulayliklarni kengaytirish, majmua atrofida yashil maydonlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.