Shavkat Mirziyoyev 24-avgust kuni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga mamlakat Mustaqilligi kuni munosabati bilan tabrik yo‘lladi. Ukraina rahbari O‘zbekiston rahbarining X ga yo‘llagan maktubini e’lon qildi.

Maktubda Shavkat Mirziyoyev mamlakatlar o‘rtasida qaror topgan an’anaviy do‘stlik va uzoq muddatli hamkorlik munosabatlari bundan buyon ham xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida rivojlanib borishiga ishonch bildirgan.

“Sizga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt va farovonlik, mas’uliyatli faoliyatingizda ulkan zafarlar, Ukraina xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilayman”, — deb yozdi O‘zbekiston prezidenti.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Shavkat Mirziyoyevga samimiy tabrik uchun minnatdorlik bildirdi.

“Ishonchim komilki, davlatlarimiz Ukraina va O‘zbekistonning do‘st xalqlari farovonligi yo‘lida samarali hamkorlikni yanada rivojlantiradi va ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlaydi. Ukrainaning hududiy yaxlitligi bo‘yicha pozitsiyangizni va O‘zbekistonda ukrainalik bolalarni sog‘lomlashtirish bo‘yicha gumanitar tashabbuslaringizni qadrlayman”, — deb yozdi Ukraina prezidenti.